Turkiy guliston yoxud Axloq

avg 3.5 /5
Authors: Abdulla Avloniy
Year: 1913
ISBN:

«Turkiy guliston yoxud axloq» 1913 yilda yozilgan bo‘lib, u axloqiy-ta’limiy asardir. Muallif bu kitob boshlanishiga «Man xastayamu millatim o‘lmish nega bemor?» degan ritorik so‘roq qo‘ygan va asar davomida ushbu savolga javob berishga harakat qilgan. «Turkiy guliston yoxud axloq» asari «Axloq», «Tarbiya», «Yaxshi xulqlar», «Yomon xulqlar» deb nomlangan qismlarga bo‘linadi. Asarda diyonat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, sabr, nafs, vijdon, iffat, oliyhimmatlik va shu kabi yuksak axloqiy tushunchalar, zulm, nifoq, ta’ma, xasad, loqaydlik, g‘iybat, xaqorat, uyatsizlik, namimat(chaqimchilik), adovat kabi yomon xulqlar millat va vatan saodatiga e’tiborsizlik va bepisandlik bilan bog‘langan holda muhim ijtimoiy muammo sifatida talqin etilgan. «Amerikaliklar bir dona bug‘doy ekub, yigirma qadoq bug‘doy olurlar. Ovrupolilar o‘zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni kelturib, o‘zimizga yigirma besh tiyinga soturlar! Ammo biz osiyolilar, xususan, turkistonlilar dumba sotub, chandir chaynaymiz. Qaymoq berib, sut oshiymiz, non o‘rniga kesak tishlaymiz!» degan fikrlar ulug‘ adib Abdulla Avloniy asr boshidayoq vatan ravnaqi, xalq saodati va millatga sodiq farzandlar tayyorlash zarurligi xususida nechog‘lik chuqur va teran mushohada yuritganini ko‘rsatib turibdi. Bu - o‘zlikni anglash, o‘z qadrimizga yetish, istiqlolni qo‘lga kiritish uchun aytilgan dadil va jasur fikrlar edi. Abdulla Avloniy shu asarida: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatnshng ruhini yo‘qotmakdur», - deb ham qayg‘uradi. Kezi kelganda muallif hadislarga mo‘l-mo‘l murojaat etgan, Qur’oni karimdagi ulug‘ falsafiy kalomlardan unumli foydalangan. Ayniqsa Iskandar, Suqrot, Arastu, Aflotun, Ibn Sino, Mavlono Rumiy, Shayx Sa’diy kabi tarixiy shaxslar bilan bog‘liq naqllar, ixcham rivoyatlar, hikoyalar asar jozibasiga joziba qo‘shgan.

You rated this book