Charxiy


Mamlakat: O‘zbekiston
Tug‘ilgan sanasi: 1900-yil, 23-fevral
Vafot etgan sanasi: 1979-yil, 18-dekabr
Tarjimai hol

Charxiy (taxallusi; asl ism-sharifi Hamroaliev Asqarali) (1900.23.2 Qo‘qon 1979.18.12) O‘zbekiston xalq shoiri (1975). Qo‘qondagi madrasalarning birida ta’lim olgan. Shy vaqtda mumtoz she’riyat namoyandalari ijodi bilan yaqindan tanishgan va xattotlik san’atini o‘rgangan. Qo‘qondagi «Quvvat» artelida gulabardor (to‘quvchilik korxonalarida gula tayyorlash yoki tandaga gula ko‘tarish ishi, kasbi, (1926-38), Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan qo‘mitada xattot (1939), Muqimiy uy-muzeyida ilmiy xodim (1941), Qo‘qon shahar teatrida adabiy emakdosh (1942—47), G‘afur G‘ulom nomidagi viloyat Adabiyot muzeyida (1950—79) ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
Charxiy Hofiz, Sa’diy, Navoiy, Bedil singari Sharq mumtoz shoirlari va Muqimiy, Furqat, Zavqiy singari zamondoshlari ijodidan saboq olish bilan birga Sulaymonqul Rojiy va Mirza Ho‘qandiydan aruz ilmini o‘rganib, 1916 yildan e’tiboran g‘azallar yoza boshlagan. Uning asarlari ilk bor 1938—39 yillarda «Yangi Farg‘ona» gazetasi va keyinchalik «Mushtum» jurnalida e’lon qilingan. Charxiy o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analarini davom ettirib, ham lirik, ham hajviy she’riyat janrlarida ijod qilgan. Charxiy ijodining asosiy janrlari g‘azal, muxammas va masnaviydir. Charxiyning «Shirin va achchiq» (1959) ilk she’riy guldastasidan keyin «She’rlar» (1966), «Alixo‘ja-Xo‘jaali» (1970), «Devon» (1972) va «Beshigingda yotmayman» (1975), "Qiyolab o'tdi" to‘plamlari nashr etilgan. Shoirning ko‘plab g‘azallariga kuy bastalanib, xalq hofizlari tomonidan ijro etib kelinadi.


Barcha kitoblar (1)