Abdulhamid Nurmonov


Mamlakat: O‘zbekiston
Tug‘ilgan sanasi: 1942-yil

Tarjimai hol

Abdulhamid Nurmonov - 1942 yilda Andijon viloyatining O‘rmonbek qishlog‘ida tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatib, Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg‘ona davlat universiteti) Tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi, 1963 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi, Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ga ishga keldi. Ushbu o‘quv dargohidagi yarim asrlik faoliyati davomida A.Nurmonov o‘zbek tilshunosligi o‘qituvchiligidan professor darajasiga ko‘tarildi. Jamoatchi olim sifatida pedagogika fakultetida dekan, maxsus fanlarni o‘qitish va o‘zbek tilshunoslik kafedralarida mudir, universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimlarida xizmat qildi. Hozirda tilshunoslik kafedrasi professori, ayni vaqtda Kadrlar malakasini oshirish markazi direktori.
A.Nurmonov 1973 yilda “O‘zbek tilidagi tovush o‘zgarishlarida ekonomiya prinsipi” mavzusida nomzodlik, 1983 yilda “O‘zbek tili sintaksisini sistema sifatida o‘rganish muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Professor A.Nurmonov 50 ga yaqin darslik, risola, o‘quv qo‘llanmalari, 500 ga yaqin ilmiy, ma’rifiy-ma’naviy mavzulardagi maqolalar muallifidir.
Olimning “Problemы sistemnogo issledovaniya sintaksisa uzbekskogo yazыka”, “Gap haqidagi sintaktik nazariyalar”, “O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi”, “O‘zbek tilining fonologiyasi va morfonologiyasi”, “O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis”, “O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya”, “Tilshunoslik va tabiiy fanlar”, “O‘zbek tilshunosligi tarixi”, “Lingvistik belgi nazariyasi”, “Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo‘nalishlari”, “Tilshunoslik nazariyasi”; “Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari” nomli asarlari; o‘rta maktablarning V-IX sinf o‘quvchilari uchun “Ona tili”, Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarining V, IX, X, XI sinf o‘quvchilari uchun “O‘zbek tili”, akademik litseylar uchun uch jildlik “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklari fikrimizning yorqin dalilidir. Uning “Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo‘nalishlari” kitobi 2010 yilgi respublika o‘quv adabiyotlari tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.
Zabardast tadqiqotchi Abdulhamid Nurmonovning ilmu –fandagi hayot yo‘li, erishgan buyuk ilmiy ijodi 2012 yili Toshkentdagi “Akademnashr” nashriyotida bosilgan 72 toboqdan iborat uch jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamida o‘zining mujassam ifodasini topgan. Olim o‘zbek tilshunosligi fanida o‘ziga xos katta maktab, meros, butun bir yo‘nalish yaratib fanda chinakam jasorat namoyish etdi.
A.Nurmonov ilmiy asarlar yaratish, fan yutuqlarini xalq ommasi orasida keng targ‘ib qilish bilan birga, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash sohasida ham samarali ishlar olib bormoqda. Olim o‘zbek tilshunosligida o‘ziga xos maktab yarata oldi, ya’ni uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 30 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya kilindi.
Respublikadagina emas, xatto butun turkiy dunyo tilshunos olimlarida o‘ziga xos o‘rin egallagan Abdulhamid Nurmonov O‘zFA tilshunoslik instituti, O‘zMU qoshidagi SamDU huzuridagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalar himoya qiladigan ixtisoslik ilmiy kengashining, Oliy attestatsiya komissiyasining ekspertiza kengashi a’zosi sifatida tilshunos olimlarning butun bir yangi avlodini yaratishda katta xizmatlar qildi va hozirda ham yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida tinimsiz mehnat qilmoqda.
Ustozning mehnatlari Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan munosib baholandi. Abdulhamid Nurmonov 1999 yilda “Shuhrat” medali, 2002 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, 2011 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Andijonda o‘zbek adabiyoti, nazariyasi, taraqqiyoti, tarixi masalalari uzoqdan beri tadqiqotchilarning izlanish mavzusi bo‘lib kelgan. 1944 yilda Andijon o‘qituvchilar institutida tashkil topgan o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri bo‘lib  ishlagan Asqat Muxtor, Rajab Jumaniyozov, Mirposhsha Xabibov, Xoshimjon Razzaqov, Ahmadjon Mahmudov, I.G.Ziyoeva, R.R.Rasulov, Abdulhamid Nurmonovlar davrida bu fanda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Keyinchalik kafedra Xalima Musina,  Ismoil To‘lakov tomonidan boshqarilgan. Kafedrada o‘zbek va xorij adabiyotidan o‘quv va ilmiy ish olib borganlardan Oftobxon Xolbotirova, Vosit Sa’dulla, Nabijon Qabulov, Talat Mahmudov, Abdulaziz Abdulhamidov, Fayzullo Dadaxonov, Rahimjon Aliev, Bahrom Jalilov, Abdulaxat Jo‘raxonov, Tursunoy Sodiqova, Xanifa Solixova, Munavara Yoqubbekova va boshqalar barakali ijod qildilar. Ular o‘zbek adabiyotshunosligiga munosib xissa qo‘shganlar. Hozirda Andijon davlat universiteti O‘zbek adabiyot kafedrasi mudirasi prof. Salima Mirzaeva rahbarligida o‘zbek adabiyotshunosligining muhim masalalari tadqiq etilmoqda. Bu borada professorlardan D.Quronov, X.Solixova, dots. B.Rahmonov, dots. X.Karimov va boshqalar samarali ilmiy faoliyat olib bormoqdalar.


Barcha kitoblar (3)