Molyer


Mamlakat: Fransiya
Tug‘ilgan sanasi: 1622-yil, 15-yanvar
Vafot etgan sanasi: 1673-yil, 17-fevral
Tarjimai hol

Molyer (taxallusi; asl ism-sharifi Jan Batist Poklen) (1622.15.1 - Parij - 1673.17.2) - fransuz dramaturgi, aktyori, teatr arbobi, sahna sanʼati islohotchisi.

Lotin tili, antik adabiyotni oʻrgangan. 1645—48 yillarda sayyor teatr truppasida aktyorlik qilgan. Xalq teatr anʼanalari bilan klassitsizm yutukdarini umumlashtirib, ijtimoiy-maishiy komediya janrini yaratdi.

1658 yildan Molyer oʻz truppasi bilan Parij va saroy teatrlarida pyesalar qoʻydi. Shoh asari — “Tartyuf” (1664) komediyasida hurfikrlikning ashaddiy dushmani — xristian cherkovi kirdikorlarini fosh etdi.

Don Juan haqidagi xalq afsonalarini qayta ishlab, “Don Juan” (1665) realistik pyesasini yaratdi. “Zoʻraki nikoh” (1664), “Mizantrop”, “Amfitrion”, “Jorj Danen”, “Xasis” (1668), “Dvoryanlar orasidagi meshchan” (1670), “Oʻqimishli ayollar” (1672), “Soxta bemor” (1673) va boshqa komediyalar muallifi.

Molyer komediyalarida chuqur falsafiy va axloqiy masalalar qoʻyilgan. Ularda yaxshi fazilatli kishilar tasvirlangan, lekin pyesa qaxramonlari haddan tashqari talablar qoʻyib, sogʻlom fikr yuritishdan voz kechadilar, natijada bu, amalda, yaxshi fazilatning yoʻq boʻlishiga olib keladi.

Molyer ijodi jahon teatri rivojiga samarali taʼsir etgan. 19-asr boshida Fransuz akademiyasiga Molyerning byusti qoʻyilgan. Har yili 17 fevralda — buyuk fransuz komediografi 1673 yil 17 fevralda soʻnggi bor sahnaga chiqib rol oʻynagan kunda Parijdagi mashhur “Komedi Fransez” teatrida Molyer pyesalari namoyish etiladi.

Molyerning ayrim asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan: “Xasis” (1925), “Tartyuf” (1941), “Skapen nayranglari” (1950) va b.


Barcha kitoblar (2)