Oskar Uayld


Mamlakat: Angliya
Tug‘ilgan sanasi: 1854-yil, 16-oktabr
Vafot etgan sanasi: 1900-yil, 30-noyabr
Tarjimai hol

Uayld Oskar (1854.16.10, Dublin - 1900.30.11, Parij) — ingliz yozuvchisi, tanqidchi.

Hashamdor sheʼrlari bilan fransuz simvolistlariga yaqin turadi. 1882 yilda AQSH shaharlari boʻylab sayohatda boʻlib, estetika boʻyicha maʼruzalar oʻqigan. Bu davrda va keyinroq yaratilgan “Eʼtiqod yoki Nigilistlar” (1882), “Gersoginya Padunskaya” (1883), “Salomeya” (1893) dramalarida yosh yozuvchining isyonkor kayfiyati ifodalanib, ijtimoiy hayot masalalari muhim oʻrin egallaydi.

Londonga qaytib, gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilgan. Axloqsizlikda ayblanib, 2 yil (1895—97) qamoqda yotib chiqqach, Parijga koʻchib oʻtgan. Qamoqdan soʻng Uayld hayotida roʻy bergan ruhiy tushkunlik “Reding qamoqxonasi balladasi” (1898) avtobiografik asari hamda oʻlimidan keyin eʼlon qilingan “Qamoqxonadagi tavba” (1905)da oʻz aksini topgan. “Uindermir xonimning yelpigʻichi” (1892), “Benuqson erkak” (1895), “Jiddiy boʻlish qanday muhim” (1896) komediyalari, “Baxtli shahzoda” va “Yulduzli bola” (1888) adabiy ertaklar toʻplamlarida oʻzi yashagan muhit urf-odatlarini tanqidiy aks ettirgan.

“Dorian Grey portreti” (1891) — 19-asr oxiridagi intellektual romanning ajoyib namunasi. 80-yillardagi tanqidiy maqolalarida (“Oʻy-niyatlar” toʻplami, 1891) Uayld hozirgi ingliz adabiyotidagi oʻziga yaqin voqea-hodisalarni yoritgan. Ayni paytda xalq qoʻshiqchilik ijodini, P. Beranje sheʼriyatini yuqori baholagan, O. Balzak, L. N. Tolstoy, I. S. Turgenev va F. M. Dostoyevskiylar badiiy mahoratini mehr bilan tasvirlagan. Uayld pyesalari asosida filmlar yaratilgan.


Barcha kitoblar (2)