Dino Bussati


Mamlakat: Italiya
Tug‘ilgan sanasi: 1906-yil, 16-oktabr
Vafot etgan sanasi: 1972-yil, 28-yanvar
Tarjimai hol

XX asr jahon hikoyachiligining betakror namoyandalaridan biri italyan adibi Dino Bussatidir. U 1906 yilda Italiyaning Belluno viloyatida tugʻilib, 1972 yilda Milanda vafot etgan. Koʻp yillar Milandagi “Korrera della Sera” gazetasida ishlagan. Yozuvchining “Togʻli Barnabbo” (1933), “Eski oʻrmon siri” (1935), “Tatar choʻli” (1940), “Muhabbat” (1963) romanlari, “Yiriklashtirilgan qiyofa” (1960), “Ayiqlarning Sitsiliyaga gʻaroyib bosqini” (1945) va boshqa qissalari, koʻpgina hikoya va dramalari mashhur. Chunonchi, “Tatar choʻli” romani bilan “Qiziq voqea” dramasini fransuz tiliga Alber Kamyu tarjima qilgan.“Tatar choʻli” romani Borxesning shaxsiy kutubxonasidagi eng ardoqli asarlardan biri hisoblangan. Yozuvchining 1958 yilda chop etilgan “Oltmish hikoya” toʻplami Italiyaning eng obroʻli “Strega” adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.

“La Skala”dagi shov-shuv” hikoyasini esa, Andre Morua ikkinchi jahon urushidan keyingi butun Yevropa adabiyotida dunyoga kelgan eng haqqoniy asar sifatida baholagan.Jahon adabiyotini puxta biladigan yozuvchilarimizdan biri, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad bir hikoyasini Dino Bussatining “Yetti qavat” hikoyasiga tatabbu tarzida yozgani adabiy jamoatchilikka yaxshi maʼlum…Dino Bussatining sevimli yozuvchilaridan biri Edgar Po boʻlgani, albatta, bejiz emasdir. Yozuvchi Mopassan, Tagor, Chexov, O. Genri, Stefan Sveyg, Edgar Po, Sabohiddin Ali, Aziz Nesin, Muhammad Ali Jamolzoda kabi jahonning mashhur hikoyanavislari qatorida haqli ravishda tura oladi.Adib qalamiga mansub jami ikki yuzga yaqin hikoyaning aksariyati koʻpgina tillarga tarjima qilingan. Bu hikoyalarning eng muhim fazilatlari yorqin chizib koʻrsatilgan lavha – mumtoz tasviriy aniqligi, qisqaligi, sharqona mubolagʻa, majoz va asotirlarga boyligida deyish mumkin.


Barcha kitoblar (1)