Umar Sayfiddin


Mamlakat: Turkiya
Tug‘ilgan sanasi: 1984-yil, 11-mart
Vafot etgan sanasi: 1920-yil, 6-mart
Tarjimai hol

Turk hikoyachiligining mumtoz vakili, jurnalist va zobit Umar Sayfiddin 1884 yili Turkiyaning Belikesir shahrida dunyoga keldi. Avval Usmoniya maktabida, soʻngra harbiy bilim yurtlarida oʻqigan Umarning ilk ijod mahsuli 1900 yili “Majmuai adabiyya”da chop etildi. 1906 yili Izmirdagi jandarm maktabiga oʻqituvchi boʻlib ishga kirdi. Shu yillarda Izmirda chop etiladigan “Sebat”, “Xizmat”, “Sarbast” kabi gazetalarga maqolalar yozdi.

Umar Sayfiddin harbiy harakatlarda ishtirok etarkan, ijodni ham tark etmadi. 1911 yili “Yosh qalamkashlar” jurnalida uning “Yangi lison” nomli maqolasi imzosiz chop etildi. Maqolada milliy tilni asrab qolish, boshqa tillardan soʻz olgandan koʻra, uning milliy muqobillarini topish, adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirish kabi jiddiy masalalar koʻtarilgan edi. Uning “Bahor va qaldirgʻochlar”, “Qoʻzgʻolish xabari”, “Primo Turk bolasi”, “Ont” va “Ishq toʻlqini” kabi hikoyalari ham ayni shu jurnalda bosildi.

Leytenant Umar Sayfiddin 1912 yilda Bolqon urushida qatnashdi va Yanya yaqinida yunon armiyasiga asirga tushdi. “Pastkash”, “Mahdiy”, “Hurriyat Bayroqlari” nomlı hikoyalarida asirlikdagi hayotini qalamga oldi. Bu hikoyalar “Xalqqa toʻgʻri”, “Turk yurti” va “Zako” kabi jurnallarda nashr etildi.

Bir yillik asirlikdan soʻng, 1913 yili Istanbulga qaytdi va harbiylikni tashlab, “Turk Soʻzi” jurnaliga muharrirlik qila boshladi. 1914 yildan umrining oxirigacha Kabatash maktabida adabiyotdan dars berdi.Umar Sayfiddin 1920 yili 36 yoshida qand kasalidan vafot etdi.

Umar Sayfiddinning “Tarix azaliy takrordir” (1910), “Haram” (1918), “Efruz Bey” (1919), “Qahramonlar”, “Bomba”, “Haram”, “Uzun poshnalar”, “Halollik”, “Yolgʻiz bahodir”, “Iskanja”, “Ishq toʻlqini”, “Oq Lola”, “Sirli amaliyot”, “Forsa”, “Badal” (“Yoshlik” jurnalida chop etilgan), “Pushti durli yoqa” kabi asarlari mashhur.


Barcha kitoblar (1)