Emil Zolya


Mamlakat: Fransiya
Tug‘ilgan sanasi: 1840-yil, 2-aprel
Vafot etgan sanasi: 1902-yil, 29-sentabr
Tarjimai hol

Emil Zolya (1840.2.4 — Parij — 1902.29.9) — fransuz yozuvchisi. Ilk ijodi romantizm ruhida: “Ninon ertaklari” (1864), “Klodning tavbasi” (1865), “Marhumning vasiyati” (1866) va boshqa 60-yillarda naturalistik ruhdagi “Oʻliklar vasiyati” (1866), “Tereza Raken” (1867), “Madlen Fera” (1868) kabi romanlar yezdi. “Rugon-Makkarlar” 20 jildli romanlar turkumida (1871-93) Napoleon davridagi siyosiy tuzum qoralangan (“Rugonlarning ulgʻayishi”, 1871; “Tor-mor”, 1893), jamiyatdagi moliyaviy hiyla-nayranglar fosh etilgan (“Oʻlja”, 1872; “Pul”, 1891), kiborlarning axloqsizligi koʻrsatilgan (“Nana”, 1880), amalparast, maʼnaviy qashshoq kimsalar kalaka qilingan (“Parij qurtlari”, 1873), nasroniylarning teskarichilik harakatlari fosh etilgan (“Plassanning zabt etilishi”, 1874).

Zolya bir qator romanlarida oddiy mehnatkashlarning olijanob timsollarini yorqin boʻyoqlarda tasvirlagan. Xususan, “Qopqon” (1877) romanida kosib va hunarmandlar hayoti, “Hamal” (1885) romanida esa ishchilarning turmush tarzi aks ettirilgan. “Tereza Raken” (1873 yilda sahnalashtirilgan) dramasi va “Rauberden vorislari” komediyasi yozuvchining eng yaxshi sahna asarlaridir.

Zolya ijodida ijtimoiy mavzular ustuvor mavqega ega. “Uch shahar” trilogiyasi (“Lurd”, 1894; “Rim”, 1896; “Parij”, 1898), tugallanmay qolgan “Toʻrt injil” tetrologiyasi (“Hosildorlik”, 1899; “Mehnat”, 1901; “Haqiqat”, 1903) bunga misol boʻladi. Zolya ijtimoiy hayotga ham faol aralashgan va 19-asr oxirlarida Fransiyada juda katta shov-shuvga sabab boʻlgan “Dreyfus ishi” (boshqa millat vakilining soxta ayb bilan qamalishiga qarshi) boʻyicha Fransiya Respublikasi Prezidentiga “Men qoralayman!” (1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qilgan. Respublika hukumati 1898 yil 23 fevralda yozuvchini qamash haqida hukm chiqaradi. 3olya chet elga qochadi (1899 yilda Vataniga qaytadi).

Zolya xalq uchun teatr yaratishni orzu qilgan edi. “Fransiyaning olgʻa yurishi” turkumidagi dramalarida inqilobiy shior ostida mustabidlik ruhini yashirgan Uchinchi respublikaga qarshi kurashni davom ettirishni maqsad qilgan edi. Lekin bu maqsadini amalga oshirolmadi. Zolya romanlarida garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan boʻlsa ham, u maʼlum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni or deb bilgan. U har doim oʻzi tanlagan tamoyilga — haqqoniyat tamoyiliga sodiq qoladi. Uning romanlarini oʻqib butun bir davr haqida tasavvurga ega boʻlish mumkin. Zolyaning “Hikoyalar” (1937), “Tegirmon qamali” (1942) va “Hamal” (1981, tarjimon Xayrulla Ergashev) asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan.


Barcha kitoblar (1)